Xalqaro hamkorlik

Xalqaro hamkorlik

2017-yildan to bugunga qadar Agentlikning xalqaro aloqalari faol bosqichga olib chiqishga erishildi. Koreya Respublikasi, Belorussiya Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Tojikiston Respublikasi kabi bir necha davlatlar bilan mustahkam aloqalar o‘rnatildi.

O‘tgan yillarda yer maʼmurchiligi, geodeziya, kartografiya, kadastr yo‘nalishlarida  o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va yanada faollashtirishga qaratilgan Xalqaro Memorandum va bitimlar imzolandi. 2017-yil Koreya Yer va fazoviy maʼlumotlarni axborotlashtirish korporatsiyasi bilan, 2018-yil Qozog‘iston — «Qazaqstan G‘arish Sapari», Belorussiya Davlat mulk qo‘mitasi, Tojikiston Yer boshqaruvi va geodeziya davlat qo‘mitasi bilan, 2021-yil Rossiya Federatsiyasi Rosreyestr tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlik bitimlari imzolandi.

Grantlarga doir faoliyat:

Bundan tashqari beg‘araz moliyaviy va texnik ko‘mak berishga jalb etish bo‘yicha Koreyaning KOICA va Yaponiyaning JICA donorlik, maxsus jamg‘armalari, xorijiy tuzilmalar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha doimiy ravishda ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Hozirda Milliy jug‘rofiy axborot tizimini yaratish doirasida fazoviy maʼlumotlardan foydalanish va standartlashtirish tizimini yaratishning huquqiy asoslari va metodologiyasini ishlab chiqishga doir Koreya Yer, infrastruktura va transport vazirligining “Rivojlanish uchun rasmiy ko‘mak” (ODA) mablag‘lari doirasida 900 ming AQSH dollari miqdoridagi grant amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Qo‘mita Koreyaning Yer, infratuzilma va transport vazirligi, LX korporatsiyasi, Koreya ko‘chmas mulkni baholash kengashi hamkorligida “Milliy geoaxborot tizimlari”, “Ko‘chmas mulkni baholash tizimi ”, “Koreyada ko‘chmas mulk boshqaruvi tizimi va axborotlashtirish” mavzularida onlayn va oflayn tarzdagi malaka oshirish treninglari amalga oshirilib kelinmoqda.

Investitsiya loyihalari:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 3-avgustdagi PQ-2571 sonli qaroriga muvofiq, umumiy qiymati: 35,77 mln. AQSH dollari bo‘lgan  “Jahon banki ishtirokida “Ko‘chmas mulkni ro‘yxatga olish va kadastr tizimlarini modernizatsiyalash” investitsiya loyihasini amalga oshirib kelmoqda. 

Loyiha maqsadi: Ko‘chmas mulk va kadastrni ro‘yxatdan o‘tkazishning mavjud “qog‘oz” tizimini zamonaviy “Ko‘chmas mulk va kadastrni ro‘yxatdan o‘tkazish integratsiyalashtirilgan axborot tizimi”ni yaratish orqali modernizatsiya qilish. Axborot tizimi elektron hukumatning tarkibiy qismi sifatida, geoaxborot va veb-texnologiyalaridan foydalangan holda yaratish hisoblanadi.